1. Ish haqi miqdori 1,07 barobarga oshadi
Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshiriladi.
O'zbekiston hududida:
mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori – oyiga 679 330 so'm;
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 238 610 so'm;
eng kam yoshga doir pensiyalar – oyiga 466 680 so'm;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 466 680 so'm;
zarur ish stajiga ega bo'lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 286 390 so'm etib belgilanadi.
Shuningdek, 14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa, 2 yoshgacha bola parvarishi nafaqasi, kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordamning quyidagi miqdorlari belgilanadi:
14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa:
• bitta bolali oilalarga – 131 000 so'm;
• ikkita bolali oilalarga – 217 000 so'm;
• uchta va undan ortiq bolali oilalarga – 304 000 so'm;
2 yoshgacha bola parvarishi bo'yicha nafaqa – 434 000 so'm;
kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam – 326 000 so'mdan 653 000 so'mgacha;
Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam – 434 000 so'mdan 1 085 000 so'mgacha.
Bazaviy hisoblash miqdori – 223 000 so'm o'zgarishsiz qoldirildi.
2. Alkogol mahsuloti sifati organoleptik baholanadi
Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Iste'mol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash bo'yicha respublika degustatsiya komissiyasi to'g'risidagi nizom kuchga kiradi.
Komissiyaning asosiy vazifalaridan biri iste'mol etil spirti va alkogol mahsulotlarini organoleptik xususiyatlariga ko'ra mahsulotning sifatini organoleptik baholash hisoblanadi.
Komissiya organoleptik baholash natijalari haqida Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasiga xabar berishga majburdir.
3. Yuridik shaxslarning da'vo arizasini iqtisodiy sudga elektron yuborish imkoni yaratiladi
Quyidagicha tartib o'rnatiladi:
eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi;
fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat o'tkazish uchun undiriladigan to'lovlar miqdori Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;
yuridik shaxslar tomonidan da'vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratiladi.
4. Kafolat jamg'armasi tashkil etiladi
Davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlar bo'yicha to'lovlarning o'z vaqtida, to'liq va kafolatli amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida Moliya vazirligi G'aznachiligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo'lmagan Kafolat jamg'armasi tashkil etiladi.
5. Chempionlar OTMlarga sinovlarsiz qabul qilinadi
Bosqichma-bosqich olimpiya sport turlari bo'yicha respublika sport musobaqalarida doping-test namunalarini olish tizimi joriy etiladi.
Sport sohasidagi yutuqlarni munosib rag'batlantirish maqsadida:
Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o'yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda g'olib va sovrindor (1-3 o'rin) bo'lgan sportchi-o'quvchilar byudjetdan moliyalashtiriladigan OTMlarga (tibbiyot yo'nalishidan tashqari) qo'shimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;
“Bolalar sport o'yinlari”ning jamoaviy o'yin turlari bo'yicha respublika bosqichi:
• g'oliblariga (1-o'rin) OTMlarga kirish imtihonlarida soha bo'yicha mutaxassislik fanidan maksimal ball olish huquqini beruvchi, 3 yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi;
• g'olib va sovrindorlarni (1-3 o'rin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o'qituvchilari 1-o'rin uchun mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining – 6 baravari, 2-o'rin uchun – 4 baravari, 3-o'rin uchun – 3 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi;
maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasining g'olib va sovrindorlarini (1-3 o'rin) tayyorlagan jismoniy tarbiya o'qituvchilari va sport ta'lim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmasdan, ularga tegishli malaka toifalari to'g'ridan-to'g'ri beriladi;
olimpiya sport turlari bo'yicha respublika (1-o'rin) va xalqaro musobaqalarda g'olib chiqqan OTM talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yo'nalishidagi kafedralar o'qituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlar (dotsent, professor) to'g'ridan-to'g'ri beriladi.
6. Pillachilik va tutchilik tashkilotlariga subsidiyalar beriladi
2020 yil 1 fevraldan boshlab:
pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tomchilatib sug'orish tizimini joriy etgan holda yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga 8 millon so'mgacha;
maydoni 35 gektardan ziyod tutzorlarda suv chiqarish uchun burg'ulangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so'mgacha subsidiya taqdim etiladi.
Shuningdek, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti rahbar xodimlarining ish haqi fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.