14 yoshli bola o‘limi aytilmagandi. SSV koronavirus qurbonlari sonini yashiryaptimi?
Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligidagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov O‘zbekistonda 14 yoshli bola ham koronavirusdan vafot etgani haqida ma’lumot bergandi. Bu axborot odamlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus qurbonlari haqidagi ma’lumotni yashiryotgan ekan degan tasavvur shakllanishiga sabab bo‘ldi. Shu sababli SSV shtabi a’zosining aytganlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov izoh berib o‘tdi. “Koronavirusga qarshi kurashish shtabi vakili, Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti rektori, professor Habibulla Oqilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida bizda vafot etganlarning 13 foizini 40 yoshgacha bo‘lgan insonlar tashkil etishi xaqida gapirdilar. Afsuski, vafot etganlar orasida 14 yoshli bola (20 yoshgacha bo‘lganlar — 3 foiz) ham bor deb o‘tdilar. Shu kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi ham kasallikdan vafot etganlarni sonini yashirmay to‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan. Yana qaytarib aytaman, respublikamizda kasallanganlar va vafot etayotganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniq, shaffof xolda fuqarolarga yetkazilmoqda”, deya ta’kidladi Nurmat Otabekov. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 13 193 nafarga yetdi. Hozirgacha ularning 7852 nafari sog‘aygan va 62 nafari vafot etgan.